Angliya Premyer-ligasida Ramazon oyi davomida to‘p suradigan musulmon futbolchilar uchun maxsus imkoniyat yaratib beriladi. Unga ko‘ra, iftorlik vaqti o‘yin paytiga to‘g‘ri kelib qolsa, futbolchilar og‘izlarini ochib olishlari uchun bahs bir necha daqiqaga to‘xtatib turiladi.
Bu an’ana so‘nggi yillarda APLda muntazam tus olgan bo‘lib, hakamlarga quyosh botgan vaqtda o‘yinda qisqa tanaffus e’lon qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar beriladi. Bu vaqt ichida futbolchilar suv yoki yengil tamaddi bilan quvvatlarini tiklab olishlari mumkin.
Bunday qaror liga rahbariyati va hakamlar korporasiyasi (PGMOL) tomonidan musulmon futbolchilarning e’tiqodini hurmat qilish hamda ularning sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida qabul qilingan.













