Kirish Ro'yxatdan o'tish

«Andijon»ning katta tantana va shodiyonaga aylanib ketgan taqdimot marosimi

«Andijon»ning katta tantana va shodiyonaga aylanib ketgan taqdimot marosimi

Baho:
+ | -

Andijon yana katta futbol og‘ushida, Andijonda yana katta futbol shukuhi hukm surmoqda. Yaqinlashib kelayotgan yangi futbol mavsumi arafasida "Andijon" va uning muxlislarida bayramona kayfiyat hukm suryapti.

Hammaning xabari bor, bu yil «Andijon» yangi qiyofa, yangi maqsadlar sari oldinga dadil qadam tashlamoqda. Shu maqsadda tarkib tubdan kuchaytirildi va Samvel Babayan boshchiligidagi «Burgutlar» jangga to‘liq tayyor.

Andijon xalqi, ashaddiy muxlislar esa sevimli jamoasini va uning o‘yinlarini sog‘inishgan. Shu maqsadda «Mavsum-2026» oldidan yangilangan jamoamizning taqdimot marosimi o‘tkazildi.

Muhtasham «Universal» sport majmuasida tashkil etilgan ushbu tadbir tom ma’noda bu yilgi chempionat oldidan «Andijon»ning ilk o‘yini arafasida ramziy ochilish marosimiga ham aylanib ketdi. Ishqibozlar suyukli jamoasini shu qadar sog‘inganki, sport majmuasi «Andijon»ni sog‘ingan muxlislar bilan to‘lib toshdi.

Unda shaxsan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etdi. Tadbir juda ko‘tarinki, bayramona va albatta shodiyona tarzda o‘tdi. Boshidan to oxiriga qadar muxlislar tinim bilishmadi - “Ultras Burgut” «yondirdi».

Shuningdek, marosimda mehmonlar ham taklif etilgan bo‘lib, taniqli sharhlovchi Xayrulla Hamidov, qolaversa, Turkiyaning yetakchi klublaridan sanalgan «Beshiktosh» jamoasi qurultoyi kengashi a’zosi Gokhan Saribayir va boshqa rasmiy shaxslar ham ishtirok etdilar.

So‘zga chiqqan viloyat hokimi bu yil futbol yili bo‘lishini, jamoamizga juda katta e’tibor qaratilayotgani, barcha shart-sharoitlar bekamu-ko‘st yaratilayotganini aytib, bosh murabbiy Samvel Babayan boshchiligidagi jamoamizga yuqori darajada ishonch bildirayotganini aytdi va shu bilan birga maqsad chempionlik, kamida uchinchi o‘rindan pastga tushmaslikni alohida ta’kidlab o‘tdi.

Xayrulla Hamidov ham xuddi viloyat hokimi kabi doimgidek, o‘zining o‘tkir, yurakka yetib boradigan so‘zlarni aytib, jamoani ham, muxlislarni ham yanada ruhlantirib yubordi.

Bosh murabbiy Samvel Babayan ham o‘z navbatida bunday e’tibor, qo‘llab-quvvatlov uchun viloyat hokimiga minnatdorlik bildirdi. «Andijon» muxlislariga ham alohida to‘xtalar ekan, ularni nafaqat O‘zbekiston yoki Osiyoda, balki jahon darajasida birinchi raqamli ekanligini aytgan holda jamoa ham shunga mos bo‘lishini va buning uchun bor kuch va imkoniyatlar ishga solinishini aytdi.

Shundan so‘ng viloyatimiz hokimi hurmatli Shuhratbek Qo‘shoqboyevich jamoamizga yangi kelgan 17 nafar o‘yinchiga o‘z futbolkalarini tantanali ravishda topshirdi.

Darvzbonlar:

Rahimjon Davronov — 35

Ne’matulloh Rustamjonov — 21

Himoyachilar:

Igor Golban — 4

Ibrohim Yo‘ldoshev — 3

Nemanya Chalasan — 15

Islom To‘xtaxo‘jayev — 20

Odil Abdumajidov — 2

Mahmud Maxamadjonov — 77

Yarim himoyachilar:

Imeda Ashortia — 9

Jamshid Boltaboyev — 8

Aleksandr Andronikashvili — 6

Xumoyunmirzo Iminov — 11

Sayfiddin Sodiqov — 19

Azizbek Turg‘unboyev — 17

Hujumchilar:

Dragan Cheran — 10

Po‘latxo‘ja Xoldorxonov — 7

Martin Boake m27

Shu bilan birga «Andijon» klubi bosh direktori Ziyodbek Mashrapov viloyatimiz hokimiga jamoamizning libosini esdalik sovg‘a sifatida topshirdi.

Futbolchilar nomidan sahnaga Dragan Cheran, Islom To‘xtaxo‘jayev Azizbek Turg‘unboyev taklif etildilar. O‘z navbatida ular hammasini maydonda isbotlashlarini, jamoaning oldiga qo‘yilgan maqsadni bajarish uchun bor kuch-g‘ayratlarini ishga solib, rahbariyat hamda muxlislarni quvontirishlarini aytib o‘tdilar.

Tadbir yakunida fan-klub raisi Nodirbek To‘ychiyev o‘zining qalbidagi so‘zlari orqali yana barchani «uyg‘otdi», motivasiya berdi. Shuhratbek Qo‘shoqboyevichga jamoani kuchaytirishda bosh-qosh bo‘lgani uchun alohida minnatdorligini izhor qildi va shuningdek, u har doim faqat birinchi bo‘lishni istashini, ikkinchi o‘rin yarashmasligini aytib, jamoani ham shunga mos bo‘lishga undadi. Shunga monand jamoani faqat va faqat qo‘llab-quvvatlab, birgalikda g‘alabalarni nishonlashga tayyorligini alohida ta’kidladi.

Manba: https://t.me/andijonpfc
Kiritildi: 23:51, 21.02.2026.
O'qildi: 255 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.