Italiyalik mutaxassis Roberto De Dzerbi «Tottenxem» taklifini rad etib, kelasi mavsumda «Manchester Yunayted»ni boshqarishga tayyor. Bu haqda TEAMTalk nashri xabar bermoqda.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 46 yoshli murabbiy klub rahbariyatiga jamoani o‘z qo‘liga olish niyati borligini ma’lum qilgan. Bu qaror ayni damda bosh murabbiy vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Maykl Kerrikning holatini murakkablashtirishi mumkin.
De Dzerbi «Manchester Yunayted» va «Tottenxem» variantlari o‘rtasida tanlov o‘tkazdi. Biroq «shporlar»ning turnir jadvalidagi noaniq holati va klubning kelasi mavsumdagi istiqboli italiyalik mutaxassisning tanloviga ta’sir ko‘rsatdi va u «qizil iblislar» variantini ma’qul ko‘rdi. Ayni damda Kerrikning iste’fosi muhokama qilinmayapti, lekin klub direktorlar kengashi uni hech qachon doimiy murabbiy sifatida ko‘rmagan va faqat vaqtinchalik chora sifatida hisoblagan.
Hozirgi vaqtda De Dzerbi erkin agent maqomida bo‘lib turibdi, chunki u shu yilning fevral oyida «Marsel» klubini tark etgan edi. Shu bilan birga, Kerrik qo‘l ostida «Manchester Yunayted» o‘tkazilgan sakkizta o‘yinning oltitasida g‘alaba qozondi, bir marta durang o‘ynadi va bir bor mag‘lubiyatga uchradi.













