Fransiyalik sobiq futbolchi Tyerri Anri Madridning "Atletiko" jamoasiga Chempionlar Ligasi yarim finaliga chiqishda yordam bergan Antuan Grizmannni ko‘kka ko‘tarib maqtadi.
"Uning to‘p bilan ishlashi, maydonni ko‘rishi, jamoani himoya qilish usuli... Grizmann shu kungacha juda ajoyib o‘yin ko‘rsatmoqda va shu bilan birga juda kamtar. Shu yillar davomida u terma jamoada ham, "Atletiko"da ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi, doimo Simeone uchun jang qildi.
Antuan o‘ziga nisbatan juda talabchan. Bu qadar texnik jihatdan iqtidorli o‘yinchining bunday shaxsiy fazilatlarga ega ekani kam uchraydigan holat. U qilayotgan ishiga qalbini va yuragini bag‘ishlaydi. Men bunday ajoyib faoliyatning guvohi bo‘layotganimizdan xursandman", — dedi Anri CBS Sports studiyasida.
Eslatib o‘tamiz, Antuan Grizmann mavsum yakunida "Atletiko"ni tark etadi — u allaqachon MLSning "Orlando Siti" klubi bilan shartnoma imzolagan.













