«Inter» bosh murabbiyi Kristian Kivu yaqin vaqt ichida klub bilan shartnomasini uzaytiradi. Bu haqda La Gazzetta dello Sport nashri xabar bermoqda.
Manbaning bergan ma’lumotiga ko‘ra, «neradzurrilar» rahbariyati mutaxassisning klubdagi birinchi yilida ko‘rsatgan ishidan mamnun. Murabbiyning milanliklar bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan bo‘lib, gap uni 2028 yilgacha uzaytirish haqida ketmoqda.
Ta’kidlanishicha, Kivuning yangi shartnomasiga kelishuvni yana bir mavsumga uzaytirish bandi ham kiritiladi. Shuningdek, murabbiyning maoshi ham sezilarli darajada oshadi.
Hozirgi vaqtda «Inter» Italiya Seriya A turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda, shuningdek, Italiya Kubogi yarim finalida ishtirok etmoqda. Ehtimol, yangi shartnoma chempionlik rasman rasmiylashtirilganidan keyin imzolanishi mumkin.













