Londonning «Arsenal» klubi Madridning «Atletiko» jamoasiga qarshi kechgan durang (1:1) natijasidan so‘ng Chempionlar ligasidagi mag‘lubiyatsiz seriyasini 13 ta o‘yinga yetkazdi.
Ushbu muvaffaqiyatli seriya davomida «kanonirlar» 10 ta g‘alaba va 3 ta durang qayd etishdi. Qayd etish joizki, ketma-ket 13 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriya klubning ushbu musobaqadagi mutlaq rekordining takrori hisoblanadi. Bundan avval «Arsenal» 2005-2006 yilgi mavsumda aynan shunday natija qayd etib, yakunda finalga qadar yetib borgan edi.
O‘shanda Arsen Venger boshchiligidagi jamoa seriyani 14 ta o‘yinga yetkaza olmagan — Parij mezbonlik qilgan finalda londonliklar «Barselona»ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berishgandi.
Endilikda Mikel Arteta shogirdlari kelasi seshanba, 5 may kuni Londonda «Atletiko»ni qabul qilishadi.













