«Real Madrid» klubining sobiq futbolchisi va taniqli ekspert Stiv Makmanaman VAR (videoyordamchi hakam) tizimi futbolda kerakli darajada ishlamayotganini ta’kidladi.
Makmanamanning fikricha, Chempionlar ligasi yarim finali doirasidagi «Atletiko» va «Arsenal» (1:1) uchrashuvida hakam Madrid klubi darvozasiga belgilagan ikkinchi penaltini bekor qilmasligi kerak edi. Ekspert bosh hakamning dastlabki qarorida aniq va yaqqol xato bo‘lmaganini, shu bois videoassistentlar vaziyatga aralashishi noto‘g‘ri bo‘lganini bildirdi.
«Biz VAR tizimi bilan boshi berk ko‘chaga kirib qoldik. Hakam tomonidan belgilangan penalti mutlaqo qonuniy edi va hammasi shu bilan yakunlanishi lozim edi. Bunday vaziyatlarda tizimning aralashuvi o‘yin tabiatiga zid», — deya Makmanamanning so‘zlarini keltirmoqda TNT Sports.
Eslatib o‘tamiz, «Atletiko» va «Arsenal» jamoalari o‘rtasidagi bahs 1:1 hisobida yakunlandi. Uchrashuv davomida mehmonlar foydasiga belgilangan ikkinchi penalti VAR tekshiruvidan so‘ng bekor qilingan edi.













