«Real» yarim himoyachisi Federiko Valverde La Liganing 35-turi doirasidagi «Barselona»ga qarshi o‘yinda maydonga tushmaydi, deb xabar bermoqda jurnalist Abraham Romero.
Manbaning bergan ma’lumotiga ko‘ra, shifokorlar urugvaylik futbolchiga Orelyen Tchuameni bilan sodir bo‘lgan mushtlashuv vaqtida boshidan olgan zarbasi tufayli kamida bir hafta davomida mashg‘ulotlarda qatnashmaslikni va o‘yinlarda ishtirok etmaslikni tavsiya qilishgan.
Avvalroq, Valverde va Tchuameni Madrid klubi mashg‘uloti vaqtida mushtlashib qolgani xabar qilingan edi. Ushbu voqeadan so‘ng Federiko shifoxonaga olib borilgan va u yerda uning jarohatiga choklar qo‘yilgan.
Ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, «Real» futbolchilarga nisbatan intizomiy surishtiruv ishlarini boshlaydi va ichki reglamentga asosan chora ko‘rishni rejalashtirmoqda.
10 may kuni «Real» Ispaniya chempionatining 35-turi doirasida «Kamp Nou» stadionida «Barselona»ga qarshi maydonga tushadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da (11 mayga o‘tar kechasi) boshlanadi.













