APL Hakamlar assosiasiyasi (PGMO) bilan o‘tkazilgan muzokaralar fonida VAR vakolatlarini kengaytirish haqidagi taklifni rad etishi kutilmoqda. Bu haqda The Guardian nashri yozmoqda.
Fevral oyida Xalqaro futbol assosiasiyalari kengashi (IFAB) VAR vakolatlarini kengaytirishni ma’qullagan edi: endilikda videoassistentlar ikkinchi sariq kartochkalar va burchak zarbalari belgilanishiga ham aralashish huquqiga ega bo‘lishdi. Biroq IFAB ushbu o‘zgarishni ligalar uchun majburiy qilib qo‘ymadi: chempionatlar VARdan bu tarzda foydalanishni o‘zlari hal qilishlari kerak.
PGMO APLga VARdan foydalanish ko‘lamini kengaytirishdan tiyilishni tavsiya qildi. Assosiasiya yangi qoidalar bo‘yicha VARdan foydalanish o‘yinlar davomiyligini sezilarli darajada oshirib yuborishidan xavotirda. Bu esa hakamlarga bo‘lgan bosimni kuchaytirishi va translyasiya qiluvchi kompaniyalar bilan munosabatlarga ta’sir qilishi mumkin. Klublar esa yangi qoidalar o‘yin sur’atini pasaytirib, bahslarni cho‘zib yuborishini inobatga olmoqda.
Yakuniy qaror APL klublari tomonidan iyun oyida bo‘lib o‘tadigan har yilgi umumiy yig‘ilishda qabul qilinadi.













