Portugaliya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Paulu Bentu o‘z vaqtida Krishtianu Ronaldu bilan oralaridan ola mushuk o‘tgani haqida gapirib berdi.
«Agar mendan Ronaldu bilan munosabatlarimiz boshidagidek qolganmi, deb so‘rasangiz — yo‘q. Agar munosabatlarni saqlab qolish uchun o‘z tamoyillaringizdan voz kechish kerak bo‘lsa... men bunga yo‘q deyman. Bu qaysarlik emas, balki o‘z qarashlariga ishonish va sodiq qolishdir.
Murabbiylarni qaror qabul qilishlari uchun yollashadi. Agar boshqalar biz uchun qaror qabul qilishiga yo‘l qo‘ysak, bu bizni ishga olganlarga nisbatan adolatsizlik bo‘ladi. Qaror chiqarganimiz uchun bizga maosh to‘lashadi. Men futbolchilik davrimda ham murabbiydan nega o‘ynamayapman, deb hech qachon so‘ramaganman. Futbolchilar kiyinish xonasida kim hokimiyatga ega ekanligini bilishlari kerak. Agar ular buni tushunmay qolishsa, hamma narsa tugaydi yoki tugashga yaqin keladi», — deya Bentuning so‘zlarini keltiradi Antena 1 nashriga tayanib Goal portali.
Eslatib o‘tamiz, Paulu Bentu 2010–2014 yillarda Portugaliya terma jamoasini boshqargan.













