Mavsum yakunlangach, Bernardu Silva to‘qqiz yillik faoliyatidan so‘ng «Manchester Siti»ni tark etadi. Portugaliyalik futbolchining faoliyatidagi keyingi klub «Yuventus» bo‘lishi mumkinligi haqida matbuotda anchadan beri yozilmoqda.
Mashhur jurnalist Nikolo Skira «Yuventus» Bernardu Silvaga taklif qilayotgan shartnoma shartlarini ochiqladi. Gap 2028 yilning o‘rtalarigacha mo‘ljallangan va yana bir mavsumga uzaytirish imkoniyati bo‘lgan kelishuv haqida bormoqda.
Taklif etilayotgan maosh miqdori — 6 million yevro + 2 million yevro bonus. Bonuslarning 1 millioni Chempionlar Ligasiga yo‘llanma olish uchun, yana 1 millioni esa jamoaviy va individual yutuqlar uchun ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, «Yuventus» bosh murabbiyi Luchano Spalletti 31 yoshli Bernardu Silvani transfer bozoridagi asosiy maqsadlaridan biri deb hisoblamoqda.













