«PSJ» Fransiya Liga 1 bahslarida asosiy ta’qibchisi «Lans» ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, navbatdagi chempionlik titulini naqd qildi. Parijliklarga g‘alaba keltirgan gollarga Xvicha Kvarasxeliya va Ibraima Mbaye mualliflik qilishdi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng Luis Enrike shogirdlari turnir jadvalida ta’qibchilaridan 9 ochkoga o‘zib ketishdi va so‘nggi tur oldidan yetib bo‘lmas masofaga chiqib olishdi. Klub prezidenti Nasser al-Helayfiy ushbu muvaffaqiyatdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Biz Fransiyaning 14 karra chempioni bo‘lganimizdan faxrlanamiz. Futbolchilarni, Luis Enrikeni, Luish Kampushni va butun shtabni ushbu natija bilan tabriklayman. «PSJ»ning asl yulduzi — bu ajoyib muxlislarimiz qo‘llab-quvvatlab turadigan yaxlit jamoadir. Endi bor e’tiborimizni Budapeshtda o‘tadigan YECHL finaliga qaratamiz. Oldinda hali qilinadigan ishlar ko‘p», — deya al-Xelayfiyning so‘zlarini keltiradi PSG Community.
Ma’lumot uchun, «PSJ» 17 may kuni so‘nggi tur doirasida «Parij» klubi bilan derbida ishtirok etadi. 30 may kuni esa Chempionlar Ligasi finalida Londonning «Arsenal» jamoasiga qarshi maydonga tushadi.













