Angliya hakamlar korpusi «Manchester Yunayted» hujumchisi Mateus Kunyaning «Nottingem Forest» darvozasiga urgan goli xatolik tufayli hisobga olinganini tan oldi.
APLning 37-turidan o‘rin olgan ushbu uchrashuvda «MYU» o‘z maydonida 3:2 hisobida g‘alaba qozongan edi.
Bahsning 55-daqiqasida mankunianliklar himoyachisi Diogu Dalot jarima maydonchasi markaziga to‘pni uzatdi, Brian Mbemo esa uni qabul qilib olishga urindi. To‘p yarim himoyachining sonidan so‘ng qo‘liga tegdi. Shundan so‘ng Kunya to‘pni darvoza to‘riga joylab qo‘ydi. Bosh hakam Maykl Solsberi videoassistent (VAR) bilan maslahatlashib, vaziyat takrorini o‘rganib chiqqach, golni hisobga olishga qaror qilgan edi.
Sky Sports nashrining xabar berishicha, Angliyada hakamlik uchun mas’ul bo‘lgan PGMOL tashkiloti Kunyaning golini hisobga olmaslik kerak bo‘lganini tan oldi. Dushanba kuni PGMOL rahbari Xovard Uebb «Nottingem Forest» va «Manchester Yunayted» klublariga bayonot bilan chiqib, hakamning xatosini rasman tan oldi.













