Yarim himoyachi Elif Elmas «Napoli» klubini butunlay tark etishga yaqin turibdi. Neapolitanliklar futbolchini Germaniyaning «RB Leypsig» klubidan ijaraga olgan edilar va ijara muddati yakuniga yetgach, uni 17 million yevro evaziga sotib olish huquqidan (opsiyasidan) foydalanmaslikka qaror qilishdi, deya xabar bermoqda Football Italia nashri.
Joriy mavsumda 26 yoshli xavbek barcha turnirlarda jami 43 ta o‘yinda maydonga tushdi va jamoa bosh murabbiyi Antonio Kontening yuqori bahosiga sazovor bo‘ldi. Uchrashuvlarning biridan so‘ng mutaxassis Elmasning universalligi va futbolchilik intellektini alohida e’tirof etgan edi.
Shimoliy makedoniyalik futbolchi uchun asosiy da’vogar sifatida allaqachon keyingi mavsum uchun Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini naqd qilib qo‘ygan «Aston Villa» klubi ko‘rilmoqda. Shuningdek, o‘yinchiga «Sanderlend» ham qiziqish bildirmoqda, biroq futbolchining o‘zi Chempionship klubi variantini faoliyatining hozirgi bosqichida ustuvor deb hisoblamayapti.
Transfermarkt portali talqiniga ko‘ra, Elmasning transfer bahosi 14 million yevroni tashkil etadi.













