«Sautgempton» klubi raqiblarni yashirincha kuzatgani (josuslik qilgani) uchun Chempionship pley-off finalidan chetlashtirildi, deb xabar bermoqda Sky News jurnalisti Rob Xarris.
Avvalroq, «Sautgempton» tahlilchisi (analitigi) pley-off bosqichidagi ilk uchrashuv oldidan «Midlsbro» jamoasining mashg‘ulotini videoga olayotgan va taktik rejalarini suratga tushirayotgan vaqtda qo‘lga tushgani ma’lum bo‘lgan edi. Angliya futbol ligasi (EFL) ushbu holat bo‘yicha surishtiruv ishlarini boshlagan.
Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, «Sautgempton» «Midlsbro»dan ustun kelgan (0:0, 2:1) va finalga yo‘l olgan edi. Jamoa 23 may kuni APL yo‘llanmasi uchun «Xall Siti»ga qarshi maydonga tushishi kerak edi.
Endilikda «Sautgempton» nafaqat pley-off finalidan chetlatildi, balki Chempionshipning keyingi mavsumi uchun hisobidan 4 ochko olib tashlanishi ko‘rinishidagi jazoga ham tortildi.
Bunday keskin jazo faqatgina pley-off yarim finali oldidan «Midlsbro» mashg‘ulotlarini yashirincha kuzatgani uchungina emas, balki chempionat doirasida dekabr oyida «Oksford» hamda aprel oyida «Ipsvich»ga qarshi o‘yinlar oldidan ham shunday ishga qo‘l urilgani aniqlangani sababli qo‘llanildi.
Ta’kidlanishicha, ushbu qaror ortidan «Sautgempton» Premyer-ligaga qaytgan taqdirda ishlab topishi mumkin bo‘lgan kamida 200 million funt sterling miqdoridagi daromaddan mahrum bo‘ldi.













