«Barselona» «Tottenxem»ning markaziy himoyachisi Kristian Romeroga qiziqish bildirmoqda, biroq bu transferning amalga oshish ehtimoli juda yuqori emas. «Shporlar» o‘z sardorini 60 million yevroga baholashmoqda — Kataloniya grandi argentinalik futbolchi uchun buncha mablag‘ to‘lash niyatida emas.
Mundo Deportivo nashri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, «ko‘k-anorranglilar» ushbu transfer ustida faqatgina «Tottenxem» Premyer-ligadan chiqib ketgan taqdirdagina ish boshlashadi, chunki bu holat futbolchining narxiga albatta ta’sir ko‘rsatadi. Kristian Romeroning transfer qiymati Transfermarkt talqiniga ko‘ra 50 million yevroni tashkil etadi.
28 yoshli futbolchining londonliklar bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilgacha mo‘ljallangan. Roberto de Dzerbi shogirdlariga elitada jon saqlab qolish uchun so‘nggi turda «Everton»ga qarshi kechadigan bahsda bir ochko qo‘lga kiritish kifoya. Hozirda «Tottenxem» xavfli hududda borayotgan «Vest Xem»dan ikki ochko oldinda, shuningdek, to‘plar nisbati bo‘yicha ham sezilarli ustunlikka ega.













