«Real» prezidenti lavozimiga nomzod Enrike Rikelme klubning rasmiy telekanali faoliyatiga nisbatan keskin fikr bildirdi.
– «Real Madrid» TV haqida nima deb o‘ylaysiz?
«Real» TV byudjeti taxminan 40–45 million yevroni tashkil qiladi, biroq tomoshabinlar ulushi atigi 0,1% atrofida (filmlar namoyish etilganda esa 0,2%). Klub telekanalimiz moliyaviy ko‘rsatkichlarini yaxshilashi kerak. Ularning imkoniyatlari katta: o‘z akademiyasi, asosiy jamoa va taniqli o‘yinchilari bor. Biz kontent yaratishimiz, klub a’zolari va muxlislarni xabardor qilib borishimiz mumkin.
Telekanal birinchi navbatda madridliklarni jalb qilishi, muxlislarni ma’lumot bilan ta’minlashi, ko‘ngilochar dasturlar berishi va butun dunyodagi madridistlar uchun magnit vazifasini o‘tashi lozim. Eng muhimi, bu loyiha foyda keltiruvchi bo‘lishi shart, 40–45 million yevro byudjet bilan emas», – dedi Rikelme.













