«Yuventus» klubi bosh direktori Damyen Komolli yosh iste’dod egasi Kenan Yildizning jamoadagi kelajagi borasidagi mish-mishlarga nuqta qo‘ydi. 21 yoshli futbolchi uzoq vaqtdan beri transfer bozorida talab yuqori bo‘lgan o‘yinchilardan biri hisoblanadi.
Ayniqsa, «Yuventus»ning Chempionlar ligasiga chiqa olmaganligi turinliklarning o‘z yulduzlarini sotishga majbur bo‘lishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlarni kuchaytirgandi. Biroq Komolli bunday xavotirlarni rad etdi.
«Yildiz — «Yuventus»ning nafaqat kelajagi, balki bugunidir. U biz uchun juda muhim o‘yinchi. Unda klubimiz sharafini himoya qilish va jamoaga g‘alabalar olib kelish uchun katta ishtiyoq bor. Kenan shartnomasini uzaytirgan paytda buni «Yuventus»ga bo‘lgan sevgisi tufayli qilganini aytgandi. Shu bois, biz uni «daxlsiz» futbolchi deb bilamiz», — dedi Komolli SportMediaset nashriga bergan intervyusida.
Ma’lumot uchun, joriy mavsumda Kenan Yildiz turinliklar safida 47 ta o‘yinda maydonga tushib, 11 ta gol va 10 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.













