O‘zbekiston milliy terma jamoasi yetakchisi Jaloliddin Masharipov AQSHning Nyu-York shahrida olib borilayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini davomida O‘FA matbuot xizmatiga qisqacha intervyu berdi. Tajribali futbolchi suhbat davomida jamoadagi muhit, sog‘lig‘ining holati va bo‘lajak nazorat bahslari xususida to‘xtalib o‘tdi.
Yarim himoyachi so‘z boshida barcha vatandoshlarini o‘tib borayotgan Qurbon hayiti ayyomi bilan muborakbod etdi. Uning ta’kidlashicha, okean ortidagi moslashish (adaptasiya) jarayoni muvaffaqiyatli kechmoqda va jamoa Jahon chempionatiga tayyorgarlikning muhim bosqichini boshlab yuborgan. Shuningdek, Masharipov terma jamoani AQSH aeroportida iliq kutib olgan o‘zbekistonlik muxlislarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Yaqindagina jarohatdan forig‘ bo‘lgan futbolchi o‘z jismoniy holati haqida gapirar ekan, tiklanish jarayoni ko‘ngildagidek o‘tganini ma’lum qildi. U bo‘lajak muhim musobaqada milliy jamoaga maksimal darajada foyda keltirishga tayyorligini bildirgan.
Bundan tashqari, Masharipov bo‘lajak ikkita o‘rtoqlik uchrashuvining ahamiyatiga ham to‘xtalib o‘tdi:
«Bizni juda foydali va qiziqarli bahslar kutmoqda. Bu o‘yinlar orqali o‘z imkoniyatlarimizni yana bir bor sinovdan o‘tkazib olamiz. Ushbu sparring-raqiblar juda to‘g‘ri tanlangan va tashkil etilgan. Hammasi ijobiy yakunlanishiga ishonaman», — deydi terma jamoa a’zosi.













