«RB Leypsig» vingeri Yan Diomande Yevropaning top-klubiga o‘tish istagi borligini bildirdi. 19 yoshli futbolchi Bundesliganing o‘tgan mavsumidagi asosiy kashfiyotlardan biriga aylandi – unga allaqachon «Liverpul», «PSJ» va boshqa grand jamoalar jiddiy qiziqish bildirmoqda. «Qizil buqalar» yosh yulduzi uchun taxminan 100 million yevro talab qilishi kutilmoqda.
«Men o‘z narxim haqida eshitdim, ammo boshqa klublar bu summani to‘lashda qanchalik qiynalishlarini bilmayman. «PSJ», «Liverpul» yoki «Real»ga o‘tishni xohlayman, deb aytmayman, lekin top-klubda to‘p surishni istardim. Har kimning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari bor, har kim o‘sishni xohlaydi. Albatta, men top-darajada o‘ynashni orzu qilaman. Buni yashirmoqchi emasman», — deya Diomandening so‘zlarini keltiradi Sport Witness.
Ma’lumot uchun, ivuariyalik futbolchi o‘tgan mavsumda 36 ta uchrashuvda maydonga tushib, 13 ta gol va 10 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.













