Londonning «Arsenal» klubi bosh murabbiyi Mikel Arteta Fransiyaning «PSJ» jamoasini boshqarayotgan Luis Enrike haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Jamoalar ertaga, 30 may kuni Chempionlar ligasi finalida o‘zaro to‘qnash kelishadi.
«U men uchun alohida inson. Men u bilan 16 yoshimda, «Barselona»ning asosiy jamoasi bilan shug‘ullanishni boshlaganimda tanishganman. U akademiyaning yosh futbolchilariga nisbatan juda g‘amxo‘r edi va ularni doim qo‘llab-quvvatlardi. Men futbolchi sifatida unga qoyil qolardim.
Uning faoliyatiga nazar tashlaganda, nafaqat murabbiylik fazilatlari yoki taktik bilimlari, balki uning shaxsiyati, o‘ziga xos aurasi va turli vaziyatlarni qanday boshqarishi muhim ahamiyatga ega. Menimcha, bu borada u noyob inson. O‘z g‘oyalarini yetkazib berishi, qilayotgan ishiga bo‘lgan qat’iy ishonchi va boshqalarning fikridan qat’i nazar, o‘z qarashlariga sodiq qolishi — bu uning superkuchidir.
Biz hamkasbmiz, munosabatlarimizda o‘zaro hurmat va e’tirof bor. Chunki ikkalamiz ham bunday finalda ishtirok etish qanchalik qiyin va sharafli ekanini yaxshi tushunamiz. Ammo o‘yin kuni kelganda, biz shunchaki raqobatlashishimiz va g‘alaba qozonishimiz kerak», — dedi Arteta UEFA rasmiy saytiga bergan intervyusida.













