«Chelsi» klubining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifasi Chempionlar ligasi finalida «PSJ»dan mag‘lub bo‘lgan «Arsenal»ga yana murojaat qildi.
«Kanonirlar» 120 daqiqalik o‘yin yakunida qayd etilgan 1:1 hisobidan so‘ng, penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berishdi. Uchrashuv yakunlanganidan biroz o‘tib, «Chelsi» matbuot xizmati «Arsenal» ustidan hazillashib, istaganlarni «Stemford Brij» stadioniga kelib, Chempionlar ligasi kubogini tomosha qilishga taklif qildi, keyinroq esa yana bir xabar e’lon qilindi.
«Ehtimol, avvalgi post uchun biz yana bir qizil kartochkaga loyiqdirmiz, ammo endi «Arsenal»ni Premyer-ligadagi g‘alabasi va Chempionlar ligasidagi ajoyib o‘yini bilan chin dildan tabriklamoqchimiz. Keyingi mavsumda sizlar bilan kurashishni intiqib kutamiz», — deyiladi «ko‘klar» sahifasidagi xabarda.
«Chelsi» Chempionlar ligasida ikki marta g‘olib chiqqan. O‘tgan mavsumda jamoa APLda 10-o‘rinni egalladi va yevrokuboklarga chiqa olmadi.













