«Liverpul» klubining sobiq futbolchisi Stiven Djerrard Chempionlar ligasi finalida «Arsenal»ning «PSJ»ga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy bergani borasida o‘z fikrlarini bildirdi. «Kanonirlar» uchrashuv debyutidayoq hisobni ochishgandi, biroq parijliklar ikkinchi bo‘limda muvozanatni tiklashdi va yakunda 11 metrlik zarbalarni aniqroq ijro etishdi.
«Arsenal»ning erishgan yutuqlarini kamsitmaslik kerak. Jamoa fantastik ishni amalga oshirdi. Mag‘lubiyat doim og‘ir, penaltilar seriyasidagisi esa — ikki hissa azob. Ularga faqat hamdardlik bildirish mumkin. Menimcha, bu muvaffaqiyatsizlik ularga qattiq ta’sir qilmaydi. «Arsenal»da ajoyib jamoaviy ruh bor, hech qanday xudbinlik ko‘zga tashlanmaydi. Arteta — yosh va ambisiyali murabbiy.
Premyer-ligadagi g‘alabani shunchaki unutib bo‘lmaydi. Men 15 yil davomida APLda g‘olib chiqishga harakat qilganman, lekin buni uddalay olmaganman. Bu naqadar qiyin ekanligini hamma biladi. Ajoyib mavsumning og‘ir yakuni, lekin finalda mag‘lub bo‘lish kerak bo‘lsa, mana shunday — oxirigacha kurashib, bor kuchni berib yutqazish kerak. Ular maqtovlarga loyiq», — dedi Djerrard TNT Sports bilan suhbatda.
«PSJ» uchun bu Chempionlar ligasidagi ketma-ket ikkinchi zafar bo‘ldi. «Arsenal» esa hali ham ushbu nufuzli sovrinni boshi uzra baland ko‘tara olgani yo‘q.













