Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Dani Sebalyos faoliyatini boshqa jamoada davom ettirishga hozirlik ko‘rmoqda. Ispaniyalik futbolchining «qirollik klubi» bilan amaldagi shartnomasi bir yildan keyin o‘z yakuniga yetadi, biroq u yozgi transferlar oynasidayoq jamoadan ketishga qaror qilgan.
Jurnalist Nikolo Skiraning xabar berishicha, 29 yoshli futbolchiga «Betis» klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda va tomonlar allaqachon muzokaralarni boshlab yuborishgan. Eslatib o‘tamiz, Dani Sebalyos o‘z faoliyatini aynan «Betis»da boshlagan. 2017 yilda sevilyaliklar o‘z tarbiyalanuvchisini 16,5 million yevro evaziga «Real»ga sotishgan edi. Umuman olganda, yarim himoyachi Madrid klubi safida barcha turnirlarda 215 ta uchrashuv o‘tkazdi, joriy mavsumda esa maydonga 23 bor tushdi.













