«Milan»ning 23 yoshli yarim himoyachisi Ardon Yashari faoliyatini boshqa jamoada davom ettirishi mumkin. Italiyadagi debyut mavsumi unchalik muvaffaqiyatli chiqmagach, futbolchi atrofida turli transfer mish-mishlari paydo bo‘ldi.
Jurnalist Nikolo Skiraning xabar berishicha, shveysariyalik futbolchiga «Atalanta» klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bergamoliklar Sharl de Ketelare bilan bo‘lgani kabi, «Milan»da o‘zini ko‘rsata olmagan iqtidorli futbolchini o‘z tarkibiga jalb etish va uning salohiyatini ochish niyatida. Bundan tashqari, Yashariga «Roma» klubi ham qiziqish bildirayotgani, shuningdek, Angliya va Germaniya klublari ham vaziyatni kuzatayotgani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, «Milan» futbolchini o‘tgan yilning avgust oyida «Bryugge»dan 36-37 million yevro evaziga sotib olgan edi. Yashari jarohati (suyak sinishi) sabab mavsumning katta qismini o‘tkazib yubordi va «rossoneri» safida barcha turnirlarda bor-yo‘g‘i 17 ta uchrashuvda maydonga tushib, bitta golli uzatmaga mualliflik qildi.













