Xitoyning Pekin shahrida Jahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan Osiyo va Okeaniya mintaqasida sportda dopingga qarshi kurashish bo‘yicha XXI Hukumatlararo Vazirlar yig‘ilishi hamda Osiyo mintaqaviy simpoziumi o‘tkazilmoqda. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov boshchiligidagi delegasiya ishtirok etmoqda.
Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston delegasiyasiga dastlabkilardan bo‘lib so‘z berildi. Unda mamlakatning antidoping sohasidagi islohotlari qayd etilib, O‘zbekiston milliy qonunchiligini “Jahon antidoping kodeksi–2027” talablariga to‘liq moslashtirgan hozircha yagona davlat ekani bildirildi.
WADA prezidenti Vitold Banka O‘zbekiston tomonidan 2026 yil yanvar oyida o‘tkazilgan tadbirlarni tilga olib, mamlakatning antidoping tizimini takomillashtirish borasidagi sa’y-harakatlarini qayd etdi. Shuningdek, O‘zbekiston joriy yil fevral–mart oylarida muvofiqlik baholashidan o‘tgani ma’lum qilindi.
Yig‘ilish doirasida Sport vaziri Adham Ikramov taqdimot o‘tkazdi. Unda O‘zbekistonda antidoping siyosatini takomillashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda sportda halollik tamoyillarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi.













