Madridning «Real» klubi prezidentligi uchun o‘tkaziladigan saylovlar atrofida muvofiqlashtirilgan tarmoq faolligi aniqlandi. Bu haqda Marca xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, raqamli tahlilga ixtisoslashgan yirik yevropalik kompaniya saylovlar muhokamasida kelishilgan holda qatnashgan 326 ta akkauntdan iborat tarmoqni fosh etgan. Ular dunyodagi eng yirik ijtimoiy tarmoqlardan birida yaratilgan.
Hisobotga ko‘ra, tarmoq faoliyati klubning amaldagi prezidenti Florentino Peresni qo‘llab-quvvatlashga hamda uning saylovdagi yagona raqibi bo‘lgan tadbirkor Enrike Rikelme manziliga tanqidiy xabarlarni tarqatishga qaratilgan. Aniqlangan akkauntlar 2 hafta davomida 29 mingdan ortiq xabar, javob va repostlarni e’lon qilgan. Bu 7 iyunga belgilangan saylovlar atrofidagi butun onlayn muhokamalarning qariyb to‘rtdan bir qismini tashkil qiladi.
Tadqiqot mualliflari tahlil natijalari kampaniya tashkilotchilarini aniqlashga imkon bermasligini va aniqlangan faoliyatning biror bir nomzod yoki uning shtabi bilan bog‘liqligini isbotlamasligini ta’kidlashmoqda.













