PSV Ismael Saybarining «Bavariya»ga transferidan rekord darajadagi mablag‘ ishlab olishni ko‘zlamoqda.
Bu haqda «Voetbal Primeur» nashri «Eindhovens Dagblad»ga tayanib xabar berdi. Ta’kidlanishicha, hozirda niderlandiyalik klub tarixidagi eng qimmat transfer Kodi Gakponing 42 million yevro va 7 million yevro bonuslar evaziga «Liverpul»ga o‘tishi hisoblanadi. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, rekord Irving Losanoning 50 million yevro evaziga «Napoli»ga o‘tishi bilan o‘rnatilgan.
Jurnalist Rik Elfrinkning yozishicha, myunxenliklar marokashlik yarim himoyachi uchun bonuslarni hisobga olgan holda taxminan 50 million yevro taklif qilishadi, ammo Eyndxoven klubi bundan ko‘proq mablag‘ olishni istamoqda. Muzokaralarning muhim jihati to‘lovlarning qat’iy belgilangan qismi va to‘lov sanasi bo‘ladi.
O‘tgan mavsumda Saybari Niderlandiya chempionatida 27 ta o‘yin o‘tkazib, 15 ta gol urdi.













