Florentino Peresning «Real» prezidentligiga qayta saylangan taqdirda amalga oshiradigan «maxfiy transferi» «Bavariya» hamda Fransiya terma jamoasi hujumkor yarim himoyachisi Maykl Olise bo‘ladi, deya xabar bermoqda The Telegraph.
79 yoshli funksioner 7 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda g‘alaba qozongan taqdirda, klub tarixidagi eng qimmat futbolchi bilan shartnoma imzolashga va’da berdi. U yangi o‘yinchi uchun 150 million yevro to‘lashga tayyor.
Manbaning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, gap 24 yoshli Olise haqida bormoqda.
Yakunlangan 2025/26 yilgi mavsumda u «Bavariya» safida 52 ta uchrashuvda maydonga tushib, 22 ta gol urdi va 31 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portali fransiyalik futbolchining transfer qiymatini mana shu 150 million yevroga baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsumda «Real» 86 ochko jamg‘arib, La Liga turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallagan edi. Ispaniya chempioni esa «qaymoqranglilar»ni sakkiz ochkoga ortda qoldirgan «Barselona» bo‘ldi.













