Hujumchi Viktor Osimxenning xizmatlari «Barselona»ga taklif qilindi, biroq Kataloniya klubi nigeriyalik futbolchini o‘z transfer rejalaridagi asosiy maqsad sifatida ko‘rmayapti.
Sport.es nashrining xabar berishicha, hujumchining vakillari vositachilar orqali «ko‘k-anorranglilar» rahbariyatiga ehtimoliy transfer amalga oshishi mumkinligi haqidagi ma’lumotni yetkazishgan. Shunga qaramay, klub rahbariyati hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun «Atletiko» forvardi Xulian Alvaresni bosh nomzod deb hisoblamoqda. Kataloniya klubi hali ham ushbu transferni amalga oshirish imkoniyatiga ishonyapti.
Osimxen yakunlangan mavsumda «Galatasaroy» tarkibida 33 ta o‘yinda maydonga tushib, 22 ta gol urdi va 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Nigeriyalik futbolchining turk klubi bilan shartnomasi 2029 yilgacha amal qiladi, uning transfer bozoridagi bahosi esa 75 million yevroga baholanmoqda.













