Yurgen Kloppning manfaatlarini himoya qiluvchi Mark Kosiske mijozining Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi etib tayinlanishi mumkinligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. «Qirollik klubi» prezidentligiga nomzod Enrike Rikelme agar saylovda g‘alaba qozonsa, «Liverpul»ning sobiq ustozi bilan muzokaralarni boshlashini ma’lum qilgan edi.
«Bu odamning asabiga tegyapti! Yurgen o‘zining hozirgi lavozimidan mamnun va klub darajasida murabbiylik faoliyatiga qaytish niyati yo‘q. «Real» bilan bog‘liq sahifa u uchun yopilgan — ayniqsa, hozirgi sharoitda. Kelajakda u murabbiy sifatida ishlashi mumkin bo‘lgan yagona joy — bu Germaniya terma jamoasi», — deya jurnalist Florian Plettenberg Kosiskening so‘zlarini keltiradi.
Eslatib o‘tamiz, Yurgen Klopp 2015 yildan 2024 yilgacha «Liverpul»ni boshqargan, 2025 yilning boshidan buyon esa «Red Bull» futbol tizimida rahbarlik lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.













