Irlandiya terma jamoasining sobiq futbolchisi Roy Kin Angliyaning Jahon chempionatidagi ishtiroki borasida o‘z fikrlarini bildirdi. «Uch sherlar» ishtirok etadigan ushbu turnir 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadi.
«Meni himoya chizig‘i xavotirga solyapti. Bu tuyg‘uni hech ichimdan chiqarib tashlay olmayapman. Top-terma jamoalarga qarshi kechadigan pley-off o‘yinlarida aynan shu jihat hamma narsani barbod qilishi mumkin deb o‘ylayman. Albatta, jamoada Keyndek ajoyib futbolchi bor. Keyn bor ekan, doim imkoniyat bo‘ladi, lekin himoyada inglizlar pand yeb qolishlari mumkin», — dedi Kin Sky Sportsga bergan intervyusida.
Shuningdek, Kin turnirning bosh favoritlari kimlar ekani haqida ham gapirdi:
«Fransiya terma jamoasi — dahshatli tarkibga ega».
«Ispaniya — to‘pni nazorat qilishi va Yevroda qanchalik ajoyib o‘yin ko‘rsatganini inobatga olsak, ular ham favoritlardan».
«Ro‘yxatga Argentinani ham qo‘shgan bo‘lardim. Janubiy Amerika jamoalaridan biri doim o‘zini ko‘rsatishga qodirligi aniq».
Guruh bosqichida Angliya terma jamoasi Gana, Xorvatiya va Panama vakillariga qarshi bahs olib boradi.













