Kataloniyaning «Barselona» klubi yarim himoyachi Dani Olmoning kelajagi borasidagi keyingi rejalarini belgilab oldi.
Jurnalist Luis Roxoga ma’lum bo‘lishicha, «ko‘k-anorranglilar» shu yozda ispaniyalik futbolchi bilan xayrlashish niyatida emaslar. Bundan tashqari, klub rahbariyati futbolchi bilan yaxshilangan moliyaviy shartlar asosida yangi mehnat shartnomasini imzolashni rejalashtirmoqda. Agar Olmo keyingi mavsumda ma’lum miqdordagi uchrashuvlarda maydonga tushsa, uning maoshi oshiriladi.
Ortda qolgan Ispaniya chempionati mavsumida 28 yoshli yarim himoyachi «Barselona» safida 33 ta o‘yinda ishtirok etdi. Olmo o‘z hisobiga 7 ta gol va 8 ta golli uzatmani yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.













