«Uigan» klubi yarim himoyachisi Xarrison Bettoni faoliyatini Angliyaning top-klubida davom ettirishi mumkin. Bu haqda Football Insider nashri xabar bermoqda.
Manbaning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, 18 yoshli futbolchining transferiga Londonning «Chelsi» klubi jiddiy qiziqish bildirgan. «Aristokratlar» amaldagi shartnomasi shu yilning 30 iyun kuni yakuniga yetadigan yosh iqtidor uchun kechgan kurashda raqiblarini ortda qoldirishga muvaffaq bo‘lgan. «Ko‘klar» rahbariyati Bettonini minimal darajadagi kompensasiya evaziga qo‘lga kiritish uchun barcha choralarni ko‘rib bo‘lgan.
Xarrison Bettoni Angliyaning uchinchi kuchli divizioni hisoblangan Birinchi ligada mavsumni 16-o‘rinda yakunlagan «Uigan» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.
Universal futbolchi asosan hujumkor yarim himoyachi pozisiyasida to‘p suradi, biroq zarurat tug‘ilganda hujumning o‘ng qanotida yoki markaziy forvard sifatida ham harakat qila oladi. Bettoni yakunlangan 2025/26 yilgi mavsumda «Uigan» tarkibida barcha turnirlarda 27 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 4 ta gol yozdirib qo‘ygan.













