JCH–2026 boshlanishi arafasida Angliya terma jamoasi hujumchisi Xarri Keyn milliy jamoa safida o‘tkazgan o‘yinlari soni bo‘yicha sobiq yarim himoyachi Stiven Jerrard natijasini takrorladi. Bu haqda Angliya futbol terma jamoasining X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasi xabar berdi.
Kosta-Rikaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi (3:0) Keyn uchun Angliya terma jamoasi safidagi 114-o‘yin bo‘ldi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha undan faqat Piter Shilton (125), Ueyn Runi (120) va ser Devid Bekxem (115) oldinda bormoqda.
Keyn Angliya terma jamoasi safidagi 114 ta uchrashuvda 79 ta gol urgan va 19 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
2026 yilgi jahon chempionati hujumchi uchun uchinchi mundial bo‘ladi. Guruh bosqichida angliyaliklar Xorvatiya (17 iyun), Gana (23 iyun) va Panama (28 iyun) terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.













