Gana terma jamoasi futbolchisi Tomas Parti mamlakatga kirish bilan bog‘liq muammolar sababli Kanada hududida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati — 2026 uchrashuvlarini o‘tkazib yuboradi.
Bundan avvalroq futbolchining 18 iyun kuni Kanadada bo‘lib o‘tadigan Panamaga qarshi guruh bosqichi bahsida ishtirok eta olmasligi ma’lum bo‘lgan edi. Bunga Kanada rasmiylarining futbolchiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ayblovlari fonida mamlakatga kirishni rad etgani sabab bo‘lgan. Shu bilan birga, Partining o‘zi bundan oldin ushbu yo‘nalishdagi barcha ayblovlarni inkor etgan edi.
«Unga ayblov qo‘yilgan, biroq aybdor deb topilmagan. Hatto ushbu jinoyat sodir etilgani da’vo qilinayotgan mamlakatda ham u erkin fuqaro bo‘lib qolmoqda. Men nima uchun Kanada o‘z qoidalarini go‘yoki ayblov avtomatik tarzda aybdorlikni anglatadigandek talqin qilayotganini tushunmayapman», — deya Gana sport vaziri Kofi Adamsning so‘zlarini ESPN nashri keltiradi.
Eslatib o‘tamiz, FIFA mezbon mamlakatning xorij fuqarolarini o‘z hududiga kiritish bo‘yicha mustaqil ravishda qaror qabul qilish huquqini qo‘llab-quvvatlagan.













