Avstriya terma jamoasi bosh murabbiyi Ralf Rangnik «Milan» bilan olib borilgan muzokaralar, shuningdek, Italiya klubidagi texnik direktorlik lavozimini egallashdan nima uchun bosh tortgani haqida gapirib berdi.
«Ilk aloqa va muzokaralar bundan uch hafta oldin bo‘lib o‘tgandi. Men eng boshidanoq Jahon chempionati boshlangunga qadar vaziyatga oydinlik kiritilishini xohlashimni aytgandim — o‘zim uchun, jamoa, mamlakat, Avstriya futbol assosiasiyasi va futbolchilarim uchun. Nima uchun bu amalga oshmadi? Chunki hech qanday aniqlik yo‘q edi», — deya Rangnikning so‘zlarini keltiradi Kronen Zeitung nashri.
Shanba kuni, 13 iyun kuni Rangnik Avstriya milliy jamoasi bilan shartnomasini uzaytirdi. Mutaxassisning yangi mehnat bitimi 2028 yilgacha mo‘ljallangan.













