Urugvay terma jamoasi bosh murabbiyi Marselo Byelsa jamoaning markaziy himoyachisi Ronald Arauxoning jarohati borasida izoh berdi. Futbolchi Shimoliy Amerikada o‘tayotgan Jahon chempionati starti oldidan jarohat olgan edi.
«Agar futbolchi mashg‘ulot vaqtida jarohat olsa, demak, nimadir noto‘g‘ri bajarilgan. Ronaldning jarohat olgani uchun biz mas’uliyatni o‘z bo‘ynimizga olamiz. Hozirda u o‘zi to‘liq ishonadigan insonlar nazorati ostida sog‘lig‘ini tiklash ustida ishlamoqda. Birorta ham qaror futbolchining roziligisiz qabul qilinmaydi», — deya mutaxassisning so‘zlarini keltiradi Marca gazetasi.
Jahon chempionati – 2026 guruh bosqichining ilk uchrashuvida Urugvay terma jamoasi Saudiya Arabistoni milliy jamoasiga qarshi maydonga tushadi.













