Madridning «Real» klubi markaziy yarim himoyachisi Dani Sebalyos jamoani erkin agent maqomida tark etadi. Bu haqda taniqli insayder Fabrisio Romano xabar bermoqda.
Manbaning ta’kidlashicha, bu boradagi qaror uzil-kesil qabul qilib bo‘lingan. Sebalyos faoliyatida yangi sahifa ochishga tayyor, chunki u «qaymoqranglilar»ning yangi bosh murabbiyi Joze Mourinyoning rejalaridan o‘rin olmagan.
Bundan oldinroq, 29 yoshli Sebalyos bilan Ispaniyaning «Betis» klubi jiddiy qiziqayotgani va transferni qisqa fursatlar ichida rasmiylashtirishga tayyor ekanligi xabar qilingan edi.
Ortda qolgan 2025/26 yilgi mavsumda Sebalyos barcha turnirlarni hisobga olgan holda 23 ta uchrashuvda maydonga tushdi va birorta ham samarali harakatni (gol yoki assist) amalga oshira olmadi.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, ispaniyalik futbolchining transfer bozoridagi joriy bahosi 7 million yevroni tashkil etadi.













