Italiyaning «Milan» klubi «Chelsi»ning senegallik hujumchisi Nikolas Jeksonni xarid qilish niyatida. Bu haqda «Corriere dello Sport» gazetasi xabar e’lon qildi.
Manbaning ma’lumotlariga ko‘ra, agar kimdir u uchun 60 million yevro taklif qilsa, «Chelsi» 25 yoshli hujumchini sotishga tayyor. Ayni paytda «Milan» «ko‘klar» rahbariyati bilan aloqa o‘rnatgan va transferni boshqa shartlarda amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
Ortda qolgan mavsumni Jekson ijara asosida Myunxenning «Bavariya» klubida o‘tkazdi. Germaniya grandi safida u 34 ta uchrashuvda maydonga tushib, 11 ta gol urdi va to‘rtta golli uzatmani amalga oshirdi.
«Transfermarkt» portali ma’lumotlariga ko‘ra, Jeksonning bozor qiymati 40 million yevroni tashkil etadi.













