Turkiya futbol federasiyasi (TFF) prezidenti Ibrohim Hojiosmano‘g‘li Jahon chempionati–2026 munosabati bilan milliy terma jamoa futbolchilariga avval va’da qilingan villalar topshirilishini hamda 16 million dollar miqdoridagi mukofot pullari taqsimlab berilganini ma’lum qildi.
— Rostdan ham futbolchilarga villa sovg‘a qilasizmi? Aytishlaricha, u qo‘riqlanadigan hududda joylashgan ekan?
— «Bu yerda ham yolg‘on gapirishyapti. U qo‘riqlanadigan hudud emas. Barcha zarur ruxsatnomalar olingan, qurilish yaqin orada boshlanadi. Men albatta va’damni bajaraman va futbolchilarga ushbu villalarni sovg‘a qilaman.
FIFAdan 14 million dollar mukofot puli oldik. Biz yana o‘z hisobimizdan 2 million dollar qo‘shdik. Bu mablag‘lar saralash bosqichida terma jamoaga chaqirilgan barcha futbolchilar o‘rtasida teng taqsimlandi. Keyin esa jamoa sardorlari har bir futbolchidan ma’lum qismini yig‘ib, uni o‘zaro taqsimlashdi», — dedi Hojiosmano‘g‘li.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yil mart oyida Hojiosmano‘g‘li Turkiya terma jamoasi futbolchilariga Jahon chempionati–2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritganlari uchun o‘z shaxsiy mablag‘i hisobidan Bodrum shahridagi hashamatli villalarni sovg‘a qilishini va’da qilgan edi. Shuningdek, pley-offdagi g‘alabadan keyin samolyot bortida har bir futbolchiga qo‘shimcha ravishda 1 million yevro miqdorida mukofot berilishini ham e’lon qilgan.
Jahon chempionati–2026da Turkiya terma jamoasi D guruhida 3 ochko bilan so‘nggi o‘rinni egallab, musobaqani guruh bosqichidayoq tark etdi. Vinchenso Montella shogirdlari dastlab Avstraliyaga (0:2) va Paragvayga (0:1) mag‘lub bo‘lib, pley-off imkoniyatini erta yo‘qotdi. Biroq so‘nggi turda turnir mezboni AQSH terma jamoasini Kaan Ayhanning 98-daqiqadagi g‘alaba goli evaziga 3:2 hisobida mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.













