Madridning «Real» klubi prezidenti Florentino Peres jamoaning sobiq hujumchisi Ronaldodan hamyurti Vinisius Juniorni klub bilan shartnomasini uzaytirishga ko‘ndirishni so‘ragan. Bu haqda Defensa Central xabar bermoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Ronaldo muzokaralarda bevosita ishtirok etmaydi. Biroq u Vinisiusga «Real» taklif qilayotgan yangi shartnoma uning manfaatlariga mos kelishini tushuntirishi kerak.
Florentino Peres 1994 va 2002 yilgi jahon chempioni hisoblangan Ronaldoning Braziliya futbolidagi yuqori obro‘sidan foydalanmoqchi.
Avvalroq OAV Vinisius va «Real» yangi shartnoma bo‘yicha maosh masalasida kelishuvga erisha olmayotganini xabar qilgan edi.
Braziliyalik hujumchi 2018 yildan buyon «Real» sharafini himoya qilib kelmoqda. Shu vaqt ichida u klub safida 375 ta uchrashuvda maydonga tushib, 128 ta gol urdi va 100 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Amaldagi shartnoma 2027 yil yoziga qadar mo‘ljallangan.













