JCH-2026 musobaqasining 1/16 final bosqichidan o‘rin olgan navbatdagi uchrashuv o‘z nihoyasiga yetdi. Kanadaning Vankuver shahridagi “BC Place” stadionida bo‘lib o‘tgan mazkur o‘yinda Shveysariya hamda Jazoir milliy jamoalari o‘zaro kuch sinashdi va unda yevropaliklar ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.
O‘yinning dastlabki daqiqalarida afrikaliklar bir oz faollik ko‘rsatib, ketma-ket hujumlar tashkil etdi. Biroq hisobni yevropaliklar ochdi — 10-daqiqadayoq Bril Embolo raqib darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasini oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘lim oxirlariga kelib Jazoir yana oldinga tashlandi, ammo hisob o‘zgarmadi.
Ikkinchi taym Jazoir uchun kutilmagan zarba bilan boshlandi. Bo‘limning ilk daqiqasidayoq (46-daqiqa) Dan Ndoye Shveysariyaning ikkinchi goliga mualliflik qildi va oradagi farqni yanada oshirdi. O‘yinning so‘nggi qismiga kelib Shveysariya ustunlikni to‘liq o‘z qo‘liga oldi va raqib darvozasi oldida juda katta bosim uyushtirdi. Afrikaliklar esa so‘nggi daqiqalarda deyarli hech qanday xavfli hujum tashkil eta olmadi. Natijada ushbu hisob boshqa o‘zgarmadi va Shveysariya muhim g‘alabani qo‘lga kiritib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Jazoir esa 1/16 final bosqichida musobaqa bilan xayrlashdi.
Shveysariya musobaqaning chorak final yo‘llanmasi uchun Kolumbiya hamda Gana milliy jamoalari o‘rtasidagi o‘yin g‘olibiga qarshi maydonga tushadi. Mazkur uchrashuv 8 iyul kuni bo‘lib o‘tishi belgilangan.
Jahon chempionati. 1/16 final
Shveysariya — Jazoir 2:0
Gollar: 1:0 — Bril Embolo (10), 2:0 — Dan Ndoye (46).













