Xorvatiyaning Zagreb shahrida Super United Rapid & Blitz Croatia 2026 turniri o‘z yakuniga yetdi. Mukofot jamg‘armasi 200 ming AQSH dollarini tashkil etgan nufuzli musobaqada dunyoning yetakchi grossmeysterlari g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Nodirbek Abdusattorov blis bahslarida birinchi, umumiy hisobda esa 2-o‘rinni egalladi.
Turnirda Abdusattorov bilan bir qatorda Fransiya vakillari Alireza Firuzja va Maksim Vashe-Lagrav, Hindiston grossmeysterlari Rameshbabu Praggnanandha hamda Gukesh Dommaraju, Niderlandiyadan Anish Giri va Yorden van Foreest, Germaniyadan Vinsent Keymer, Ruminiyadan Bogdan-Daniel Dik hamda mezbon Xorvatiya vakili Ivan Sharich ishtirok etdi.
Grand Chess Tour taqvimidan o‘rin olgan musobaqaning rapid yo‘nalishida Alireza Firuzja 12 ochko bilan chempionlikni qo‘lga kiritdi. Xuddi shuncha ochko jamg‘argan Rameshbabu Praggnanandha qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Maksim Vashe-Lagrav 11 ochko bilan kuchli uchlikni yakunladi.
Blis bahslarida esa Nodirbek Abdusattorov yorqin o‘yin namoyish etdi. 18 tur davomida 12,5 ochko to‘plagan o‘zbekistonlik grossmeyster blis yo‘nalishida tengsiz ekanini isbotladi. Ikkinchi o‘rin 11,5 ochko bilan Alireza Firuzjaga nasib etgan bo‘lsa, Maksim Vashe-Lagrav 10,5 ochko bilan uchinchi pog‘onani band etdi.
Turnirning umumiy yakunlariga ko‘ra, Nodirbek Abdusattorov va Alireza Firuzja 24 ochkodan jamg‘arib, birinchi o‘rin uchun tay-breyk bahsida to‘qnash keldi. Dastlabki ikki tay-breyk partiyasi durang bilan yakunlangach, g‘olib armageddon formatida aniqlandi.
Armageddon qoidalariga ko‘ra, oq donalarda o‘ynagan shaxmatchiga 5 daqiqa, qora donalarda harakat qilgan ishtirokchiga esa 4 daqiqa vaqt berildi. Shuningdek, 61-yurishdan boshlab har bir yurish uchun 2 soniyadan qo‘shimcha vaqt qo‘shildi.
Qur’a natijasiga ko‘ra, Alireza Firuzja qora donalarda o‘ynadi va durang natija qayd etish orqali turnirning umumiy g‘olibiga aylandi. Fransiyalik grossmeyster buning evaziga 47,5 ming AQSH dollari miqdoridagi bosh mukofotni qo‘lga kiritdi.
Nodirbek Abdusattorov esa musobaqani ikkinchi o‘rinda yakunlab, 42,5 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofot puliga sazovor bo‘ldi.














