"Manchester Yunayted" klubi yarim himoyachi Andrey Santosni "Chelsi" safidan o‘z tarkibiga qo‘shib olish bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Daily Mail xabariga ko‘ra, tomonlar allaqachon bo‘lajak bitim tafsilotlarini muhokama qilmoqda.
"Chelsi" 22 yoshli xavbekni qo‘yib yuborishga tayyor, biroq uning narxini taxminan 59 million yevro deb baholamoqda. Klublar o‘rtasidagi muzokaralar davom etmoqda.
Santos London jamoasiga 2023 yilda Braziliyaning "Vasko da Gama" klubidan kelib qo‘shilgan edi. O‘tgan mavsumda u "Chelsi" safida barcha turnirlarda 43 ta o‘yin o‘tkazib, uchta gol urdi va bir necha ijara muddatlaridan so‘ng asosiy tarkibdan mustahkam o‘rin egalladi.
Santosning "Chelsi"ni tark etishiga turtki berayotgan omillardan biri bu — klub bilan shartnomasini 2033 yilgacha uzaytirgan Moyzes Kaysedo bilan bo‘lgan raqobatdir.













