"Liverpul" klubi sobiq hujumchisi Muhammad Salohning xizmatlari Turkiyaning "Beshiktosh" klubiga taklif qilindi, deya xabar bermoqda turk jurnalisti Kaya Temel.
Manbaning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda tomonlar o‘rtasida moliyaviy shartlar borasida jiddiy kelishmovchiliklar mavjud, biroq muzokaralar hali davom etmoqda.
"Misrlik futbolchining agenti Istanbulga yetib kelgan. U yerda ehtimoliy transferni muhokama qilish uchun "Beshiktosh" vakillari bilan yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishi kutilmoqda", — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Saloh "Liverpul" tarkibida to‘qqiz mavsumni o‘tkazib, jamoa bilan birga Chempionlar Ligasi, APL, Angliya Kubogi va UYEFA Superkubogida zafar quchgan. Ortda qolgan mavsumda misrlik hujumchi 41 ta o‘yinda maydonga tushib, 12 ta gol urdi va 10 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Transfermarkt portali 34 yoshli Salohni 22 million yevroga baholamoqda. Futbolchi yaqindagina erkin agentga aylangan edi.













