Qanot hujumchisi Bredli Barkola katta ehtimol bilan shu yozda jamoani tark etadi.
Insayder Ekrem Konurning xabar berishicha, parijliklar o‘z futbolchisini kamida 70 million yevroga sotishlariga ishonishmoqda. Fransuzning xizmatlari allaqachon «Arsenal», «Liverpul», «Manchester Siti», «Manchester Yunayted» va «Barselona» klublariga taklif qilingan. Biroq ayni damda Barkola uchun kurashda «Bavariya» favorit bo‘lib turibdi.
2025/26 yilgi mavsumda vinger barcha turnirlarda 49 ta o‘yinda maydonga tushib, 13 ta gol urdi. Bundan tashqari, 23 yoshli fransuz o‘z hisobiga yettita golli uzatmani yozdirib qo‘ygan.
Barkolaning Fransiya chempioni bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning o‘rtalariga qadar mo‘ljallangan.













