Fransiyalik futbolchi Maykl Olisening ikki yoshli qizi borligi, biroq u o‘z farzandi bilan umuman xabar olmasligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda qizaloqning onasi — 34 yoshli Fotima Saunbreker Germaniyaning Bild nashriga bergan intervyusida so‘zlab berdi.
Asli dyusseldorflik bo‘lgan Fotimaning so‘zlariga ko‘ra, Olise DNK testidan o‘tib, qizaloq o‘zining farzandi ekanini tan olgan bo‘lsa-da, shu kungacha u bilan umuman yuzma-yuz ko‘rishmagan. Mojaroning asosiy qismi esa moliyaviy masalalarga borib taqaladi.
Fotima Olisening advokatlari qizaloqning ta’minoti uchun “kulgili summa” taklif qilganini, u esa bu taklifni futbolchining millionlab yevrolik daromadiga umuman mos kelmaydi deb hisoblab, rad etganini ta’kidlamoqda. 2024-yilda Angliyaning “Kristal Pelas” klubidan 50,8 million funt sterling evaziga “Bavariya”ga o‘tgan Olisening Myunxendagi yillik maoshi taxminan 14 million yevroni tashkil etadi. Uning amaldagi shartnomasi 2029-yilgacha mo‘ljallangan.
Fotima bu ma’lumotlarni ommaga oshkor qilishdan maqsadi mojaro chiqarish emas, balki chuqur umidsizlik ekanini aytib o‘tdi:
“Insonning o‘z bolasiga nisbatan shunchalik shafqatsiz va hissiyotsiz bo‘lishi mumkinligini ko‘rish men uchun juda og‘ir”.
Ma’lumot uchun, Olise o‘tgan mavsum “Bavariya” safida jami 57 ta o‘yinda qatnashib, 25 ta gol va 28 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Bu natijalar evaziga futbolchi ikkinchi bor “Bavariya”ning, shuningdek, Bundesliganing mavsumdagi “Eng yaxshi futbolchisi” deb topildi. Olise JCH-2026 turnirida ham samarali o‘yin ko‘rsatdi. Fransiya terma jamoasi uchinchi o‘rin uchun bahsda Angliyaga yutqazib, to‘rtinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, u Kilian Mbappe bilan birgalikda jamoa hujumlarida faol ishtirok etdi. U mundialning 8 ta o‘yinida 7 ta golli uzatmani amalga oshirib, bitta Jahon chempionatida assistlar soni bo‘yicha Pelening 56 yillik rekordini yangiladi.













