O‘zbekiston professional futbol ligasining (O‘zPFL) maydonlar holatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhi 22 iyul kuni Termiz shahrida bo‘lib, «Surxon arena» hamda uning zaxira maydonini ko‘zdan kechirdi. Monitoring xulosasiga ko‘ra, har ikki maydon ham rasmiy uchrashuvlarni qabul qilishga mutlaqo tayyor emas.
Muammo nimada va u qanday yuzaga keldi?
Tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, o‘tgan vaqt davomida maydon parvardishida qator jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Chim qoplamasi o‘ta siyraklashgan, maydonni begona o‘tlar bosgan va ayrim qismlarda kuyish alomatlari paydo bo‘lgan. Bu holat translyasiya vaqtida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi.
PFL matbuot xizmatining xabar berishicha, maydonning bunday ahvolga kelishiga quyidagi omillar sabab bo‘lgan:
-
Agrotexnik tadbirlarning kechikishi: Termizning issiq iqlimidan kelib chiqib, mavsum yakunida qo‘shimcha urug‘ sepilishi lozim edi. Ammo klubdagi moliyaviy qiyinchiliklar sababli bu ish o‘z vaqtida amalga oshirilmagan.
-
Texnik va moddiy ta’minotdagi uzilishlar: Yoqilg‘i va zarur resurslar yetishmagani sababli maydon o‘z vaqtida o‘rilmagan, agronomlarga o‘g‘it va kimyoviy vositalar kechiktirib yetkazib berilgan.
-
Kadrlar tanqisligi: Stadionning asosiy va zaxira maydonlarini yetarlicha parvarrish qilish uchun ishchi kuchi yetishmaydi.
Shuningdek, bahor so‘nggida yetkazib berilgan urug‘ va o‘g‘itlar kechiktirilgani hamda urug‘ navi hudud iqlimiga mos kelmagani sababli kutilgan natijani bermagan.
Vaziyatdan chiqish yo‘llari qanday?
«Surxon» klubi o‘z hisobidan arenaning drenaj, sug‘orish va yoritish tizimlarini hamda elektron reklama shitlarini Superliga talablariga moslashtirgan. Ammo maydonni qayta tiklash uchun vaqt va katta mehnat talab etiladi. Hozirda uchta variant mavjud:
-
Mavjud maydonni agrotexnik yo‘l bilan bosqichma-bosqich tiklash (ancha murakkab va uzoq jarayon);
-
Boshqa hududdan tayyor rulonli chimni olib kelib yotqizish (stadionni qisqa vaqt ichida foydalanishga topshirish imkonini beradi);
-
Tozadan yangi urug‘ qadash (bu holda jamoa faqat kelasi mavsumning ikkinchi yarmidan keyin o‘z uyiga qayta oladi).
Liga mas’ullari klublar va mahalliy mutasaddilarni maydon parvardishiga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirdi. Tashkilot «Surxon»ning moliyaviy qiyinchiliklarini tushungan holda, Superliga talablari barcha uchun teng ekanini va muammo hamkorlikda hal etilishiga ishonch bildirdi.













