UYEFAda Nasser Al-Xelayfiyning FIFA prezidentligi uchun Janni Infantino bilan kurashishini istashmoqda.
The Telegraph nashrining yozishicha, uning nomzodini qo‘llab-quvvatlovchilar «PSJ» rahbari kelasi yili bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida Infantinoni lavozimidan chetlatish uchun eng ko‘p imkoniyatga ega deb hisoblaydi. Yevropa futbol mutasaddilarining 52 yoshli qatarlik rahbarni ushbu lavozimda ko‘rishni xohlayotgani haqida Politico ham xabar bermoqda.
Yevropa mutasaddilarining FIFA rahbariyatida o‘zgarishlar qilishni istashiga asosiy sabablardan biri — Infantinoning Jahon chempionati huquqlarining bir qismini tashqi investorlarga sotish rejalaridir.
Yuqori martabali mutasaddilardan biri shveysariyalik rahbarga raqib sifatida «Donald Tramp yoki Binyamin Netanyaxudan tashqari har qanday odamni qo‘llab-quvvatlashini» ta’kidlagan.
Biroq Al-Xelayfiyning o‘zi bu lavozimga o‘z nomzodini qo‘yishni rejalashtirmayapti. Uning vakili shunday dedi:
«Janob Al-Xelayfiyning FIFAdagi rolga ham, OAVdagi bu shov-shuvlarga ham hech qanday ambisiyasi, niyati va manfaati yo‘q. Buning o‘rniga u jahon va Yevropa futbolining barcha institutlarini tinch va konstruktiv tarzda qo‘llab-quvvatlashda davom etadi».













